Intizom



Intizom deganda, negadir ko`pchiligimiz qattiqqo`llik va jazolarni tushunamiz. Biroq bu intizomning faqat bir qismi xolos. Qism bo`lganda ham, har doim ham yaxshi effekt beravermaydigan qismi. Intizomni tashkil qilish uchun shunga mos sharoit va muhitni shakllantirish zarur, sinfxona yoki maktabda kichik diktatura tashkil qilish shart emas.

Sinf boshqaruvi

1. Intizomga chorlash
O`quvchilar ulardan dars jarayonida nima kutilayotganini bilishi lozim. Dastlabki darslardanoq ularga topshiriqlarni o`z vaqtida bajarish, o`zini darsda odob bilan tutish kabi oddiy narsalarning zarurligini tushuntirib borish lozim. O`quvchilar o`z oldida intizomni qadrlaydigan, tartibsizlikka toqat qilmaydigan ustoz turganini his qilishsin. Lekin bu jarayonda o`quvchilarda qo`rquv yoki nafrat uyg`otish kerak emas. Shunchaki ularga intizom ular uchun kerakligini ayting. Ustozning maqsadi esa, o`zining zo`r ekanligini isbotlash emas, bilim berish va o`qishga qiziqtirish. Kuch bilan emas, nasihat bilan ishontirishga intilish kerak.

2. Qiziqtirish
Intizomsizlik ko`pincha zerikishdan kelib chiqadi. Iloji boricha mavzu va topshiriqlar mazmunan va shaklan bolani fikrlashga undovchi, hayotdan uzoq bo`lmagan, o`ziga jalb qiluvchi bo`lishi kerak. Bola uchun dars tushunarsiz va zerikarli bo`lsa, u e`tiborini boshqa narsalarga qarata boshlaydi. Shu sababdan, o`qituvchidan o`quvchilar e`tiborini darsga chorlay olish qobilyati talab etiladi. Buning uchun u yaxshi notiq bo`lishi, real hayotdan misollar olib gapirishi, topshiriqlar mazmuni hamda qiyinlik darajasini o`quvchilarga moslay bilishi zarur.

3. Do`stona muhit
Intizomli sinfning eng asosiy omili – bu yaxshi muhit. Ishchan, o`zaro hurmatga asoslangan, maqsaddan chekinilmaydigan muhit. Ana shunday muhitni shakllantirish o`qituvchining vazifasi. Buning uchun o`qituvchi avvalo o`zi intizomli bo`lishi zarur. Qolaversa, o`quvchilarga hurmat bilan muomala qilish, ularni kamsitmaslik kerak. O`z navbatida o`quvchilarning ham bir-birlarini kamsitishlarining oldini olish darkor.
Yaxshi ischan muhit juda ko`p intizomiy muammolarning oldini oladi. Oldini olish esa, muammoni hal qilishdan ko`ra osonroq va samaraliroq. O`qituvchi o`quvchilarga ularning o`qishdan maqsadlarini muntazam esaltib turishi, o`quvchilarda ichki motivatsiya shakllantirishga intilishi zarur. Baqir-chaqirlar, do`q-po`pisalar faqat qisqa muddatli samara berishi mumkin. Uzoq muddatda esa bu sinfdagi muhitni yanada yomonlashishiga olib keladi. Shu bois, o`qituvchi ma`lum ma`noda yaxshi diplomat bo`lishi ham kerak. Har qanday holatda o`z vazminligini yo`qotmasligi, kelisha olmayotgan tomonlarni yarashtirishga intilishi, o`zining ham, boshqalarning ham hurmatini saqlashi lozim.

4. E`tiborli bo`lish
O`quvchilardan birortasi o`zini yomon tuta boshlasa darhol tanbeh berish lozim. Albatta tanbeh vazmin ohangda, nasihat tarzida berilishi maqsadga muvofiq. Agar intizomsizlik ilk belgilaridanoq e`tiborsiz qoldirilsa, qolganlar ham o`zlarini o`ta erkin qo`yib yuborishlari mumkin. Umuman, hammaning e`iborini darsdan chalg`itgan o`quvchiga beparvolik qilib bo`lmaydi.

5. Maydalashmaslik
Har bir mayda-chuyda holatga e`tibor beraverish ham darsdan chalg`ishga olib keladi. Darsdagi asosiy maqsad tartib-intizom o`rnatish emas, dars o`tish. O`quvchi sizni yoki boshqa o`quvchilarni chalg`itmaguncha, uni erkin qo`yib berish kerak.


Maktab boshqaruvi

1. Sinflarda o`quvchilar miqdorini kamaytrish
Garchi sinflarda o`quvchilarning kam bo`lishi o`zlashtirishga bevosita ta`sir o`tkazmasa ham, sinfdagi o`quvhcilar o`rtasidagi o`zaro munosabatlarning ijobiylashuviga olib keladi. Kam sonli o`quvchilarni dars jarayonida bohsqarish o`qituvchi uchun ham yengilroq bo`ladi.
2. Yaxshi muhit yaratish
Yana o`sha gap. O`zaro hurmat muhiti. O`quvchilar va o`qituvchilar, ma`muriyat xodimlarining bir-biriga bo`lgan salbiy munosabatlarini iloji boricha bartaraf etish lozim. Ko`ngilsiz vaziyatlar ko`pincha stress va ishonchsizlik natijasida kelib chiqadi. Maktabdagi barchaning kayfiyatini tushirib yuboradigan holatlarni (masalan, xodimlarni yoki o`quvchilarni kamsitish, qiziqmagan odamlarni tadbirlarga majburiy jalb qilish, mayda-chuyda kamchiliklar uchun baqir-chaqir qilish kabilarni) yo`qotish zarur.

3. Malakali o`qituvcilarni ishga yollash
Maktabdagi umumiy muhit sinflardagi muhitdan kelib chiqadi. O`tilayotgan dars zerikarli, sifatsiz bo`lsa, o`qituvchilar intizomsiz talabalarga befarq bo`lsa, bu salbiylik tabiiy ravishda butun maktab miqyosiga chiqadi.

4. Odil bo`lish
Ayrimlar jazolanib, boshqalar qandaydir sababga ko`ra jazosiz qolsa, o`sha jazosiz qolganlar ham, jazolanganlar ham shu tartibbuzarlikni qaytarishi ehtimoli katta.

5. Hamkorlik
Ota-ona, mahalla va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda ishlash ko`p sonli muammolarni hal etish yoki oldini olishda qo`l kelishi mumkin.

6. Aniq belgilangan jazo choralariga ega bo`lish
Aybdorni ochiqdan-ochiq isboti bo`la turib jazolamaslik shu ayb ishni qilishiga rozi bo`lishga teng. Maktabda qaysi tartibbuzarlik uchun qanday jazo belgilangani aniq ko`rsatilgan va hammaga e`lon qilingan bo`lishi kerak. Va albatta, ana shu jazolar rostdan ham so`zsiz amalga oshirilishi kerak. Zarur holatlarda huquq-tartibot organlarini xabardor qilish, aybdorlarga qonuniy choralar ko`rilishini ta`minlash juda ham muhim. Zero, shunday o`quvchilar ham borki, ularni faqat qonun xizmatchilarigina to`xtata oladi. Unday o`quvchilarning qilmishlarini maktab doirasida hal etishga intilish avvalo qonunga xilof, qolaversa, bunday o`quvchilar keyinchalik maktabdagi boshqa o`quvchilar uchun xavf tug`dirishi ham mumkin.

7. Ko`zga ko`ringan direktor
Ko`pincha maktab rahbarlarining o`quvchilar holidan tez-tez xabar olishi, ularga e`tiborli bo`lishi maktabdagi muhitning va intizomning yaxshilanishiga olib keladi.

8. Qiziqtirish
Bolalar uchun maktabga kelish va maktabda yurish qiziqarli bo`lishi lozim. Bu avvalo dars sifatini oshirishni talab etadi. Bundan tashqari, kutubxonadagi kitob va jurnallarning mazmunli va ko`p bo`lishi, sportzaldagi sharoitlarning yaxshi bo`lishi, sifatli xizmat ko`rsatuvchi oshxona kabi holatlar ham bolalarning kayfiyatiga va intizomiga yaxshi ta`sir o`tkazadi.

9. O`qituvchilar obro`sini yuqori saqlash
O`quvchi har bir fan o`qituvchisini obro`li, hurmatga va bo`ysunishga loyiq shaxs sifatida ko`rishi kerak. Bu ko`p jihatdan o`qituvchining o`ziga bo`gliq, ammo maktab rahbariyatli ham o`qituvchilarga o`quvchilar oldida iloji boricha tanbeh bermasligi, ularning fikrlarini inobatga olishi va har jihatdan qo`llab quvvatlashi zarur.





No comments:

Post a Comment

O'rganish va o'rgatish haqidagi blog

                       Shaxsiy blogimga xush kelibsiz! Bu yerda men pedagogikaga oid postlarimni jamlaganman. Ta'lim jarayoni haqid...