Bolaga ta`im berish chog`ida ba`zan unutib qo`yiladigan narsa shuki, hamma narsa bolaning mehnatiga, tirishqoqligiga bog`liq emas. Insonlar har xil yaralgan, ularning maksimal imkoniyatlari turlicha. O`quvchining vazifasi ana shu maksimal imkoniyatlari darajasiga chiqishga intilish. Lekin hammadan bir xil natija talab qilish, yaxshi natija ko`rsatayotgan o`quvchilarni qolganlarga namuna qilib ko`rsatish noto`g`ri. Dunyoda o`n minglab sportchilar professional darajada sport bilan shug`ullanishadi. Lekin faqat sanoqlilari jahon yoki Olimpiada chempioni darajasiga yetib boradi. O`sha darajaga chiqqan sportchilar ko'p mehnat qilgani rost, biroq qolganlar ham ko`p mehnat qilgan-ku. Gap faqat mehnatda emas.
2014 yil e`lon qilingan Prinston, Michigan hamda Rays universitetlari professorlari tomonidan olib borilgan tahlil shuni ko`rsatdiki, muntazam ko`p mashq qilish sportda 18%, musiqada 21%, ta`limda esa 4% lik farqni keltirib chiqarar ekan. Yaxshi va yomon ko`rsatkich orasidagi farqning qolgan qismiga esa boshqa omillar sabab bo`lgan. Demak, mashq va mehnat miqdori yagona hal qiluvchi omil emas. Mashqning sifati, ruhiy holat, oilaviy sharoit va albatta tabiiy qobiliyat kabi boshqa omillar ham o`z o`rniga ega.
Inglizlarda qo`polroq bir maqol bor: «Cho`chqalar hech qachon uchmaydi.» Xuddi shu ma`noga yaqin gapni Navoiy ham aytgan:
«Kim
kuchuk birlan xo`tikka qancha qilma tarbiyat,
It
bo`lur dog`i eshak, bo`lmaslar aslo odami.»
Bu
bilan mehnat, intizom va tirishqoqlik hech narsani hal qilmaydi,
demoqchi emasman. Intizomsiz va yalqov yuksak iqtidor egasidan ko`ra,
uncha iqtidorli bo`lmagan mehnatkash inson ko`proq natija ko`rsata
oladi. Aytmoqchi bo`lganim, o`quvchining natijasiga emas, qilayotgan
harakatiga ko`proq e`tibor qaratish lozim. Zero, bola natijasi uchun emas, mehnati uchun javobgar.
Umuman olganda, o`rganish jarayoning samarali bo`lishi har ikkala omilga, ya`ni tabiiy iqtidor va mehnatga bog`liq. Hech kim bolaning tabiiy iqtidorini ko`paytira olmaydi, shuning uchun asosiy e`tiborni tirishqoqlikni kuchaytirishga qaratish lozim. Har qanday iqtidor egasi ham qulay muhit, to`g`ri tarbiya bo`lmasa, hech narsani o`rgana olmaydi. Iqtidor ochilmay qolib ketaveradi. O`xshatish joiz bo`lsa, o`simlik urug`ini olaylik. Arpa urug`idan bug`doy chiqmaydi, uni «nega sen bug`doyga o`xshamaysan?» deyish xato. Lekin, o`sha arpa urug`i to'liq arpa bo`lib yetilishi uchun ham sharoit kerak: hosildor yer, suv, quyosh degandek.
Muhit va tarbiyaing ahamiyatiga yorqin misol sifatida, ayrim bolalarning hayvonlar orasida katta bo`lganini keltirish mumkin. Ular odatda atrofidagi hayvonlarning xulq-atvorini o`rganib, insonlarga xos nutq, o`zini tutishdan mahrum bo`lishgan. Tarbiyasiz ular insoniy madaniyatni o`zlaricha shakllantira olishmagan.
Stenford universiteti professori Karol Dvek «O`sishga ishonch» («Growth mindset») nazariyasini ilgari surgan. Unga ko`ra, o`rganuvchilarga harakat qilishsa, aqliy salohiyatda o`sish bo`lishini tushuntirishning o`zi ularda o`qish jarayonining yaxshilanishiga olib keladi. O`quvchini qobiliyati yoki natijasi uchun emas, intilishi uchun rag`batlantirish kerak. Masalan, bolaga «sen juda aqllisan-da» deyish emas, «sen bugun yaxshi tayyorlanibsan», deyish kerak. Shunda bolada o`qishga bo`lgan intilish yana kuchayadi. Yoki, buning aksi - «sen o`zi ahmoqsan» demasdan, «sen adashding», yoki «sen yaxshi tayyorlanmabsan»deyish kerak.
Bu nazariya yolg`on asosiga qurilmagan. Haqiqatdan ham, inson miyasi muntazam o`zgarish imkoniyatiga ega. Yangi bilimlar olish, mashq bajarish, masala yechish mobaynida miya neyronlari yangi bog`lamalar hosil qiladi. Demak, miya tom ma`noda o`sadi, rivojlanadi.
Insonlardan ko`ra hayvonlar yangi tug`ilgan paytda hayotga tayorroq bo`ladi. Insonning ulardan ustunligi esa, o`rganishga bo`lgan kuchli qobiliyatida. Chaqaloq ulg`aygan sari yangi bilim va ko`nikmalarni egallab, arslonni qafasga qamay oladigan yoki o`zidan bir necha baravar katta kitni ham o`ldirib yeya oladigan darajaga chiqishi mumkin.
Xullas, bolalarni tirishqoqlikka, mehnatsevarlikka o`rgatishimiz lozim, lekin shu bilan birga ularning har biri alohida olam ekanini, qiziqishi, oilaviy sharoiti va maksimal imkoniyati turlicha ekanligini unutmasligimiz zarur.
No comments:
Post a Comment