O`rganuvchining o`qish jarayoniga munosabatini hal qiluvchi omillardan biri – bu uning motivatsiyasi. Motivatsiyani 2 ga bo`lishimiz mumkin: ichki va tashqi. Ichki motivatsiyasi bor inson biror ishni shunchaki o`sha ish unga yoqqani uchun bajaradi. Tashqi motivatsiya esa shu ishdan biror manfaat bo`lganda yuzaga keladi.
Masalan,
matematikadan qaysidir masalani qiziquvchanligi sababli yechishga
intilish bu ichki motivatsiya. O`sha masalani yaxshi baho olish yoki
o`qituvchidan dakki eshitmaslik uchun yechish – bu tashqi
motivatsiya.
Ayrim
o`qituvchilarning xatosi shuki, ular ta`lim jarayonida asosan tashqi
motivatsiyaga suyanib qolishadi. Turli sovga`lar, stikerlar,
maqtovlar ko`rinishidagi mukofotlash va jarima, qattiq tanbeh va
hatto jismoniy choralar ko`rinishidagi jazolar asosiga o`qish
jarayoni taskil etiladi. Ko`p sonli tadqiqotlar natijasiga ko`ra,
tashqi motivatsiya shundoq ham ichki motivatsiyasi bor insonning ana
shu ichki motivatsiyasini yo`qotishiga olib kelishi mumkin.
Bir
hazilomuz hikoyada aytilishicha, bir cholning uyi yonida yosh bolalar
muntazam beysbol o`ynashni odat qilishibdi. Shovqin va to`polondan
charchagan chol ajoyib yo`l tutibdi. U bolalarni chaqirib, «uyimning
yonida besybol o`ynasanglar, 5 dollardan har biringga beraman»
debdi. Shundoq ham har kuni bu yerga kelib, beysbol o`ynab yurgan
bolalar cholni tentakka chiqarishsa-da, bunga xursandchilik bilan
rozi bo`lishibdi. Bir muddat bolalarga 5 dollardan berib yurgan chol,
bir kuni bolalarni chaqirib, endi 5 emas, 1 dollardan berishini
aytibdi. Bolalar biroz hafalik bilan buni ham qabul qilishibdi. Yana
ozroq vaqtdan so`ng esa, chol bolalarga «endi sizlarga pul
bermayman, lekin shu yerga kelib, beysbol o`ynab tursanglar xursand
bo`laman» debdi. Bu safar bolalar «agar pul berilmasa, bu sassiq
joyda beysbol o`ynamaymiz» deb taklifni rad etishibdi.
Tashqi
motivatsiyaga urg`u berilgan darslarda o`quvchi fanga oid ma`lumotni
emas, unga berilgan mukofot yoki jazoni eslab qolishi osonroq
bo`ladi. Masalan, tarix fani o`qituvchisi dars payti har bir to`g`ri
javob uchun bittadan konfet bergan bo`lsa, bir necha kun o`tib
o`quvchilar konfet yeganini eslaydi-yu, to`g`ri bergan javoblarini
unutib qo`yadi. Yoki xuddi o`sha darsda, noto`g`ri javob uchun,
o`quvchilarni turg`izib qo`yib, so`kilsa, bola ma`lumotlarni emas,
turib, so`kish eshitganini yaxshiroq eslab qoladi.
Qolaversa,
mukofot va jazo tizimi vaqt o`tgan sari o`z ta`sirini yo`qotadi, va
o`quvchilarda motivatsiya saqlash uchun mukofot va jazolar darajasini
tobora oshirib borishga to`g`ri keladi. Mukofot va jazolar berilmay
qo`yganda esa, motivatsiya butkul yo`qolish xavfi bor.
Shu
sababdan, asosiy e`tibor jazo va mukofotlarga, baho va imtihonlarga
emas, fanning o`ziga qaratilishi lozim. O`qituvchi iloji boricha
darsga va topshiriqlarga qiziqish uyg`otishi, o`quvchilar bilan
yaqindan muloqot o`rnatib, ularning hayotiy sharoitlari, maqsadlari
va ularni ruhlantiruvchi omillarni o`rganishi talab etiladi.
Ichki
motivatsiyaning kamchilik tomoni shundaki, uni shakllantirish k`oproq
vaqt talab etadi. Bundan tashqari, ichki motivatsiyani uyg`otish har
bir o`quvchiga alohida yondashuv talab qiladi va o`quvchilar
shaxsiyatini yaxshi bilishni taqozo etadi. Garchi qiyin tuyulsa ham,
odatda inson o`rganishga bo`lgan tabiiy ichki motivatsiyaga ega
bo`ladi.
Faqat
ana shu motivatsiyani dars mazmunini boyitish, o`rganuvchilarning
qiziqish va kechinmalarini hisobga olish orqali chaqirilsa, bas.
Ichki motivatsiyaga ega insonlar yaxshiroq natijalarni ko`rsatishadi,
o`rganishlari osonroq kechadi va ichki motivatsiya uzoqroq muddat
yo`qolmay turadi. Va yana bir muhim jihat, ichki motivatsiya
insonning ruhiy holati hamda salomatligi yaxshiroq bo`lishiga ham
xizmat qiladi. Ichki motivatsiyaning kuchli bo`lishi ko`plab ruhiy
muammolar, hayotdan bezish, zo`ravonlik va hatto narkomaniyaning ham
oldini olib, o`quv muassasa hududidagi tartib-intizom va ma`naviy
muhit yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Tashqi
motivatsiyadan butunlay voz kechish ham shart emas. U ham muayyan
turtkiga sabab bo`ladi. Ayniqsa, dastlabki davrda, hali ichki
motivatsiya shakllanib ulgurmagan paytda u ham qo`l kelishi mumkin.
Lekin, bolada ichki motivatsiya shakllangan sari, tashqi motivatsiya
omillarini asta-sekin kamaytirib borish maqsadga muvofiq.
Ichki
motivatsiyaning asosiy shartlaridan biri bu – ixtiyoriylik. Har
ikki tomon, o`quvchi ham, o`qituvchi ham darsga xohlab, o`z ixtiyori
bilan kelayotgan bo`lishi juda muhim. Shu bois, o`rganuvchi va
o`rgatuvchilarning xohish-istaklarini yaxshi aniqlash, ularga nima
kerag-u, nima kerak emasligidan ogoh bo`lish zarurdir. O`quv muassasa
rahbariyati o`qituvchilarning kayfiyati, ishga bo`lgan intilishini
ijobiy bo`lishi uchun mehnat sharoitlari hamda muassasadagi
psixologik muhitni yaxshi holatda saqlashi ham juda muhim. Zero,
o`qituvchidagi intilish va qiziqish o`quvchiga ham o`tadi, va
aksincha, o`qituvchi ham faqat tashqi motivatsiya asosida ishlayotgan
bo`lsa, darsda u o`quvchilardagi ichki motivatsiyani so`ndirib
qo`yishi ham hech gap emas.
Motivatsiya
masalasi nafaqat ta`lim, balki deyarli hamma sohalarga tegishli. Buni
anglagan ish beruvchilar tobora ko`proq ish joyini xursandchilik
joyiga aylantirishga, har bir xodim o`z mehnatidan chinakamiga
rohatlanishiga e`tibor qaratishmoqda. Oddiy misol sifatida, Google
kompaniyasini olishimiz mumkin. U yerda ishchilar uchun o`yin
maydonlari, massaj kursilari, alohida shinam xonalar, tekin taom va
shirinliklar kabi qulayliklar yaratilgan. Maqsad shuki, xodimlar bu
yerda o`zini erkin va yoqimli his qilsin.
Natija
qanday bo`layotgani ma`lum – Google dunyodagi eng muvaffaqyatli
kompaniyalardan bo`lib kelmoqda. Albatta, bunday darajadagi
sharoitlarni hosil qilish katta mablag`ni talab etadi. Hamma ham
bunga qodir emas. Lekin, ba`zi bir arzimas ko`ringan holatlarni
yaxshilash, hech bo`lmasa behuda uzundan-uzoq majlis yoki
hujjatbozliklarni kamaytirish, xodimlarni bir-biri bilan
taqqoslayverishni bas qilishning o`zi ham muhitga va ish sifatiga
ijobiy ta`sir o`tkazadi.
No comments:
Post a Comment