Dars



Dars qanday tashkil etilishi kerak, degan savolga yaxlit javob berish imkonsiz. Bu juda ko`p omillarga bog`liq – qaysi fan, qaysi mavzu, qanday yoshdagi o`quvchilar, necha kishilik sinf, va hokazo. Shu bois, dars borasida umumiy qoidalar yoki talablar ishlab chiqish befoyda. Bu narsani o`qituvchi shaxsan, o`z holatidan kelib chiqib tashkil etishi lozim. Quyida darsga oid ayrim fikrlar keltirgan bo`lsam ham, ularni mutlaq haqiqat sifatida qabul qilib bo`lmaydi. Shunchaki, darsda ko`proq nimalarga e`tibor bergan ma`qul, degan savolga javob berishga intilganman, xolos.


1. O`quvchilarni faol jalb qilish
Iloji boricha har bitta o`quvchi darsdagi savol-javob, mashqlarda qatnashishini nazorat qilish kerak. O`qituvchining nutqi jonli misollarga boy bo`lishi, lo`nda bo`lishi ham o`quvchilar e`tiborini saqlab turish uchun juda muhim.

2. O`quvchilar tushunganligiga ishonch hosil qilish
O`quvchilardan shunchaki «Tushundinglarmi?» deb so`rash yetarli emas, o`qituvchi o`zi tushuntirgan mavzu yuzasidan savollar berib ko`rishi, mashqlar bajartirib ko`rishi zarur. Ana shunda o`quvchilar nimani yaxshi o`zlashtirgan-u, nimani esa tushunmaganligini bilib olish mumkin.

3. Ko`nikma shakllantirish
O`tilgan mavzudagi tushunchalarni o`quvchilar amalda qo`llab ko`rishlari kerak. Masalan, Geometriya darsida Pifagor teoremasi o`tilgan bo`lsa, shu teoremaga doir masalalarni o`quvchilar bir emas, bir nechtasini ishlab ko`rishlari kerak.

4. Zeriktirib qo`ymaslik
Bu haqda oldinroq ham to`xtalingan edi. Topshiriqlarning o`ta sodda va o`ta murakkab bo`lmasligi, lo`nda va tushunarli gapirish, darsning mazmunini boyitish, o`quvchilarning kundalik hayotiga bog`lash kabi ishlar bolalarni qiziqtirishga xizmat qiladi.

5. Tez-tez takrorlash
«Mullo bo`lsang takror qil» degan naql bejis emas. O`tgan darsni qisqa bo`lsa ham takrorlash, bugun o`tgan darsni dars oxirida takrorlab o`tish ham o`quvchilarning o`zlashtirishiga yaxshi ta`sir qiladi. Takrorlash turli shakllarda bo`lishi mumkin: o`qituvchi o`zi qisqacha mavzuni qaytadan bayon qilishi mumkin, o`quvchilardan asosiy joylarini so`rab chiqishi mumkin yoki kichikroq yozma sinov o`tkazishi ham mumkin.

6. Fikrlashga chorlash
Tushunchalarni shunchaki quruq yodlab olish emas, ular ustida bosh qotirish mavzuni yaxshiroq tushunishga va eslab qolishga yordam beradi. Shuning uchun o`qituvchi o`quvchilarni o`ylashga undaydigan savollarni o`rtaga tashlab turishi lozim.

7. Fidbek berib borish
O`quvchi qilayotgan ishlari to`grimi, darslarni yaxshi o`zlashtiryaptimi – bularni bilib turishi lozim. Shu sabab o`qituvchi muntazam ravishda fidbek borib tursa yaxshi bo`ladi.

No comments:

Post a Comment

O'rganish va o'rgatish haqidagi blog

                       Shaxsiy blogimga xush kelibsiz! Bu yerda men pedagogikaga oid postlarimni jamlaganman. Ta'lim jarayoni haqid...