Qanday ruhlantirish



 
Albatta, har bir o`quvchi betakror va bir kishida ish bergan usul boshqasasida ish bermasligi mumkin. Hatto bitta o`quvchining o`zida ham bir safar bir usul, boshqa safar boshqa usulni qo`llashga to`g`ri keladi. Bu uning ruhiy holati, oilaviy sharoiti va yana ko`plab boshqa omillarga bog`liq. Quyida o'rganuvchilarni ilm olishga qanday qilib ruhlantirishga oid ayrim tavsiyalar keladi. 
Demak, boshladik.

1. O`quvchining qilayotgan mehnati va erishgan natijalarini e`tirof etish.
Bu oddiy maqtov so`z yoki qandaydir mukofot bo`lishi mumkin. Lekin, maqtov eshitish yoki mukofot olish o`quvchining maqsadiga aylanib qolmasligi lozim.

2. O`qishning ahamiyati va o`quvchilarning asl maqsadlarini eslatib turish, ilm olish majburiyat emas, shaxsiy tanlov ekanlgini uqtirish.

3. Bir xillikdan qochish. Vaqti-vaqti bilan topshiriqlarning shaklini o`zgartirib turish mumkin yoki hatto ba`zida darsga boshqa o`qituvchini, mashhur shaxslarni, ota-onalarni taklif qilib turish ham mumkin.

4. Real hayot bilan bog`lash. Darsdagi misollar, topshiriqlar o`quvchilarga yaxshi tanish bo`lgan insonlar, hodisalar atrofida jamlansa, o`quvchilarga qiziqroq bo`lishi mumkin.

5. O`qituvchi o`zi ishtiyoqi baland bo`lishi. Ruhiy horg`in inson boshqalarda motivatsiya uyg`otishi qiyin.

6. Bolalarning o`sish yoki pasayish jarayonini o`zlariga namoyish qilib turish.

7. Dars va topshiriqlarni mazmunan qiziqarliroq qilish, bu yerda qiziqarlilik bachkanalikka aylanmasligi zarur.

8. Mavzu va topshriqlarning murakkablik darajasini o`quvchiga moslab tanlash.

9. Qiziquvchanlikni uyg`otish – masalan, biror muammoni taqdim qilish, muayyan narsaga oid keng tarqalgan noto`gri fikrlarni keltirib, aslida qandayligini bildirish, g`ayrioodiy faktlarni keltirish va hokazo.

10. Ularga motivatsiya haqida so`zlash

11. Natijaga emas, intilishga baho berish. Bolaning o`ziga bog`liq bo`lgan omillar uchun mukofotlash samaraliroq. Masalan, «kim eng ko`p ball olsa, unga mukofot beramiz», deyish uncha yaxshi holat emas. Chunki, eng ko`p ball olish bolaning harakatidan tashqari, uning tabiiy qobiliyati, fanni avval qanchalik ko`p o`rganganligi kabi omillarga ham bog`liq. Oqibatda, eng ko`p ball olmasligini tushungan o`quvchilarda qiziqish kamayishi mumkin. Va ozgina harakat qilsa ham, boshqalardan bali kattaroq chiqishini bilgan o`quvchilarda ham qiziqish so`nib qolishi hech gap emas.

12. O`rganuvchilar o`rtasida hamkorlik va sog`lom raqobatni yuzaga keltirish. Raqobat bobida ehtiyot bo`lish kerak. Nosog`lom raqobat bo`lganidan ko`ra umuman hech qanday raqobat bo`lmagani ma`qul. O`quvchilarni bir-biri bilan hadeb solishtiraverish, birini ikkinchisiga namuna qilib ko`rsatish muhitni buzib qo`yishi mumkin.

13. Erishilishi lozim bo`lgan marralarni ko`rsatish. O`tilishi kutilayotgan mavzu va topshiriqlar haqida oldindan xabardor qilib turish. Bola nimalarni o`rganishi kerakligini, bunga qancha vaqt talab etilishini chamalab borishi yaxshi holat.

14. Darsga o`quvchilarni faolroq jalb qilish.
Darsda faqat o`qituvchi yoki kam sonli ayrim o`quvchilar emas, hamma ozginadan bo`lsa ham (ko`proqdan bo`lsa yana yaxshi) savol-javoblarga, muhokamalarga jalb etilishi kerak.

15. O`rganuvchilarning talab va istaklarini o`rganish

16. O`quvchilarni hurmat qilish

17. Muayyan topshiriqlar nega bajarilayotganini tushuntirish

18. Ma`lum darajada erkinlik berish

19. Imtihonlarni ishonchli qilish – O`quvchilarning hammasiga nisbatan bir xil darajada, o`tilgan mavzu doirasidan iloji boricha chiqmasdan, javoblariga qarab bolaning real o`zlashtirishini bilsa bo`ladigan savollar berilishi zarur.

20. Namunaviy modellar – Qandaydir muvaffaqiyatga erishgan mashhur bo`lgan yoki mashhur bo`lmagan insonlarning hayot yo`llari, qilgan mehnatlari haqida ma`lumot berish ham ba`zida ijobiy effekt berishi mumkin.

21. Qilayotgan urinishlaringizda bardavom, barqaror bo`lish. Motivatsiya bir kunda shakllanib qolmaydi. Shakllangan motivatsiya ham muntazam targ`ibotsiz so`nib qoladi.

22. Yordamga shay bo`lish. O`quvchilarning fan yuzasidan savollariga yoki umuman dars bilan bo`gliq turli tashkiliy muammolariga e`tiborli bo`lish zarur.

23. Adolat – O`rganuvchilarga bir xil munosabatda bo`lish, birini ikkinchisidan ortiq ko`rmaslik, muayyan o`quvchiga zulm o`tkazib qo`ymaslik kerak. Shubhalarga asoslanib bolani jazolamaslik darkor. Aybsiz odam jazo olganidan ko`ra, aybdor odam jazosiz qolib ketgani yaxshi.




No comments:

Post a Comment

O'rganish va o'rgatish haqidagi blog

                       Shaxsiy blogimga xush kelibsiz! Bu yerda men pedagogikaga oid postlarimni jamlaganman. Ta'lim jarayoni haqid...